1/2Aziz yurtdoshlar!
Hurmatli turizm sohasi vakillari!
Sizlarni 21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni, ona tilimizga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etaman!
Ona tilimiz — milliy o‘zligimiz, boy tariximiz, madaniyatimiz va ma’naviy merosimizning bebaho xazinasidir. Uning sofligini asrash, nufuzini yuksaltirish va dunyoga keng targ‘ib etish barchamizning sharafli burchimizdir.
Turizm sohasi bu borada o‘ziga xos imkoniyatlarga ega. Zero, yurtimizga tashrif buyurgan har bir sayyoh tarixiy obidalarimiz, milliy an’analarimiz va mehmondo‘stligimiz bilan birga, o‘zbek tilining jozibasi va xalqimizning yuksak muomala madaniyatidan ham bahramand bo‘lishi muhim.
Shu maqsadda xorijiy sayyohlar uchun kundalik muloqotda eng ko‘p qo‘llaniladigan o‘zbekcha so‘z va iboralardan iborat maxsus lug‘at ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, turizm xizmatlari standartlariga xorijiy mehmonlarni o‘zbek tilida samimiy kutib olish, salomlashish, xushmuomalalik va milliy an’analarimizga xos takalluf ko‘rsatish madaniyati bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Ishonamizki, bunday tashabbuslar xorijlik mehmonlarning mamlakatimiz haqidagi iliq taassurotlarini boyitish bilan birga, o‘zbek tilining xalqaro miqyosda tanilishiga ham xizmat qiladi.
Aziz vatandoshlar!
Ona tilimizni e’zozlash, uni kundalik hayotimizda va kasbiy faoliyatimizda munosib qo‘llash orqali milliy qadriyatlarimizni yanada ulug‘laylik!
Ushbu qutlug‘ ayyomda barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Ona tilimizning qadri hamisha yuksak, uning jozibasi va shuhrati dunyo bo‘ylab taralsin!
O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
А. Aqqulov
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi









