Ota-ona suhbati — bolaning xotirjamligi va baxtiga yo‘l
👫 Bola uchun oila — dunyoning asosiy modeli. Ota-onalar oʻrtasida doimiy janjallar boʻlib turganda, normal ruhiy va jismoniy rivojlanish tayanadigan xavfsizlikning asosiy hissi yemiriladi. Ota-onalar ochiqchasiga janjallashmasa-da, «sovuq urush» holatida yashasa ham, bolalar hissiy zoʻriqishni nozik sezib oladi.
Bola nimani his qiladi. Oila buzilib ketishidan xavotir va qoʻrquv. Aybdorlik hissi: 10–12 yoshgacha boʻlgan bolalar koʻpincha ota-onam men sababli janjallashyapti, deb oʻylaydi. Kayfiyatning tez-tez oʻzgarishi, yigʻlash, jahldorlik yoki befarqlik.
Xulq-atvor qanday oʻzgaradi. Baʼzi bolalar odamovi boʻlib qoladi, gadjetlarga berilib ketadi, kichkintoylarga xos xulq-atvorga qaytadi yoki ota-onasini yarashtirishga urinadi. Boshqalari esa tajovuzkor va itoatsiz boʻlib qoladi, oʻzlashtirishi pasayadi.
Salomatlik qanday zarar koʻradi. Tibbiy sababsiz qorin va bosh ogʻrigʻi, tez-tez shamollash, yomon uyqu va qoʻrqinchli tushlar, tik va duduqlanish.
Ota-onalar nima qilishi kerak:
😮 bolani nizoga aralashtirmaslik va uni kimningdir tarafini olishga majburlamaslik;
😮 unga: «Sen aybdor emassan, bu bizning kattalar ishimiz», deb aytish;
😮 faqat janjalni emas, yarashuvni ham koʻrsatish;
😮 bola oldida ota yoki onani tanqid qilmaslik;
😮 xavotirli oʻzgarishlar sezilsa, bolalar psixologiga murojaat qilish.
Agar oilada tahdid yoki zoʻravonlik boʻlsa, ijtimoiy himoya organlariga, psixologga yoki ichki ishlar organlariga yordam soʻrab murojaat qilish kerak.
Mutaxassis yordamidan soʻng bola yana oʻzini xavfsiz his qiladi, aybdorlik hissidan xalos boʻladi, oʻqish, oʻyin va doʻstlariga qaytadi hamda kattalarga yana ishona boshlaydi.
Batafsil maʼlumot uchun videoroligimizni tomosha qiling.
Vaziyatlar: bolaga nima deyish kerak
1. Bola janjalning guvohi boʻldi
Oʻrniga: «Hech narsa boʻlgani yoʻq, xonangga kir».
Yaxshisi: «Bahslashganimizni eshitding. Qoʻrqib ketgandirsan. Dadang (onang) ikkimiz oʻzimiz hal qilamiz, sen esa hech narsada aybdor emassan».
2. Bola soʻraydi: «Ajrashib ketasizlarmi?»
Oʻrniga: «Bu sening ishing emas» yoki bajara olmaydigan vaʼdalar.
Yaxshisi: «Bu seni tashvishlantirayotganini tushunaman. Nima boʻlmasin, ikkalamiz ham seni yaxshi koʻramiz va doim ota-onang boʻlib qolamiz».
3. Bola oʻziga yopilib oldi, gapirgisi kelmaydi
Oʻrniga: «Qachongacha jim yurasan? Ayt, nima boʻldi!»
Yaxshisi: «Hozir senga qiyinligini koʻryapman. Gaplashging kelsa — men yoningdaman».
Yonida boʻling: birga rasm chizing, sayr qiling. Bolalar umumiy ish paytida tezroq ochiladi.
4. Bola jahli chiqib, qoʻpollik qilyapti
Oʻrniga: «Onang bilan qanday gaplashyapsan!»
Yaxshisi: «Juda jahling chiqqanini koʻryapman. Jahl qilish mumkin, lekin baqirish va haqorat qilish mumkin emas. Kel, avval tinchlanib olaylik, keyin gaplashamiz».
5. Bola yomon uxlaydi va qoʻrqadi
Oʻrniga: «Katta boʻlib qolding, oʻzing uxla».
Yaxshisi: «Hamma ham baʼzan qoʻrqadi. Men yoningda biroz oʻtiraman».
Kechki xotirjam odat yordam beradi: ertak yoki kun davomidagi yaxshi voqealar haqida suhbat.
6. Bola ota-onasini yarashtirishga urinadi
Oʻrniga: «Mana, hatto bola ham sen notoʻgʻri ekaningni tushunyapti».
Yaxshisi: «Bizga gʻamxoʻrlik qilganing uchun rahmat. Lekin bu kattalarning ishi, oʻzimiz uddalaymiz. Sening vazifang — oʻynash va oʻqish».
7. Bola qiyin davrda yomon baho olib keldi
Oʻrniga: «Faqat shu yetmay turgan edi!»
Yaxshisi: «Hozir diqqatingni jamlash qiyin ekanini koʻryapman. Kel, senga qanday yordam berishni birga oʻylab koʻramiz».
💻
Instagram 📝
Facebook📝Telegram 🐧
xcom🎞
YouTube 🎖
istc.uz