Tizim o‘zgarmay, faqat ijrochini almashtirish — muammoni yechadimi?
Bizda bitta odat bor. Biror sohada ish yurishmasa, darrov: "Rahbarni almashtirish kerak!" deymiz. Go‘yo barcha muammo bitta odamning kabinetida o‘tirgandek.
Bir narsani ko‘p kuzatganman. Ba'zi tashkilotlarda rahbarlar almashadi, kabinetdagi stol ham, eshikdagi ism yozilgan lavha ham almashadi. Lekin xodimlarning shikoyati o‘zgarmaydi, hujjatlar o‘sha-o‘sha aylanishda davom etadi, natija esa deyarli bir xil qoladi. Shunda o‘ylab qolasan: muammo odamdami yoki tizimdami?
To‘g‘ri, ba'zan haqiqatan ham muammo rahbarning o‘zida bo‘ladi. Layoqatsizlik, mas'uliyatsizlik yoki noto‘g‘ri boshqaruv uslubi butun jamoani ortga tortishi mumkin. Bunday vaziyatda kadrni almashtirish eng to‘g‘ri qaror. Buni inkor qilib bo‘lmaydi.
Lekin har ikki-uch yilda bir xil lavozimga uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi rahbar kelayotgan bo‘lsa-yu, natija baribir o‘zgarmasa, endi aybni faqat odamlardan izlash adolatdan bo‘lmaydi.
Bu menga eski Nexiani eslatadi. Haydovchini necha marta almashtirmang, agar motorning o‘zi nosoz bo‘lsa, mashina baribir yo‘lda qoladi. Birinchi haydovchini ayblaysiz, keyin ikkinchisini, keyin uchinchisini. Aslida esa kapotni ochib ko‘rish kerak edi.
Davlat boshqaruvida ham shunday. Agar qaror qabul qilish mexanizmi eskicha bo‘lsa, vakolat va javobgarlik nomutanosib taqsimlangan bo‘lsa, natijani baholash mezonlari ishlamasa, eng iste'dodli rahbar ham ma'lum bir devorga borib uriladi. Tizim uning imkoniyatidan kuchliroq bo‘lib chiqadi.
Biz ko‘pincha daraxtning qurigan shoxlarini kesamiz, lekin ildiziga suv yetib boryaptimi yoki yo‘qmi, bunga kamroq e'tibor beramiz. Vaholanki, muammo shoxda emas, ildizda bo‘lishi ham mumkin.
Rivojlangan davlatlar tajribasiga qaralsa, ular kuchli shaxslar emas, avvalo kuchli institutlar yaratishga harakat qilgan. Chunki yaxshi tizim o‘rtacha rahbar bilan ham ishlay oladi. Yomon tizim esa eng kuchli rahbarni ham vaqt o‘tib oddiy ijrochiga aylantirib qo‘yadi.
Shuning uchun har safar kimnidir lavozimdan olish yoki yangi rahbar tayinlash haqidagi xabarni ko‘rganimda bitta savol tug‘iladi: faqat ism o‘zgaryaptimi yoki ishlash qoidalari ham o‘zgaryaptimi? Chunki ko‘pincha e'tibor ikkinchisiga emas, birinchisiga qaratiladi.
Tizimni isloh qilish qiyin. U ko‘proq vaqt, ko‘proq siyosiy iroda va ba'zan noqulay qarorlarni talab qiladi. Ijrochini almashtirish esa ancha oson: bir buyruq, bitta yangi lavha va tamom. Ammo oson yo‘l har doim ham to‘g‘ri yo‘l bo‘lavermaydi.
Oxir-oqibat, kasallikni davolash bilan isitmani tushirish o‘rtasida katta farq bor. Isitma tushishi bemor sog‘aydi degani emas. Xuddi shunday, rahbar almashgani bilan tizim sog‘lomlashdi, degan xulosaga kelish ham shoshqaloqlik bo‘ladi.
Balki endi asosiy savolni o‘zgartirish vaqti kelgandir. "Kim ketadi?" emas, "Nima o‘zgaradi?" degan savolni ko‘proq beradigan jamiyatgina haqiqiy islohotlar sari yaqinlashadi.
Library
@centerasia_libraryKanalga ulanish👇
@centerasiastudy