#esiz
Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, avvalo, mening bolalik xotiralarim bilan bog'liq.
Alisher Navoiy nomidagi Respublika Nafis san'at litseyiing adabiyot sinfida o'qiganman va har yili bir necha marta bu yerga kelar edik.
Bizga aynan navoiyshunoslar dars berishar, Hazratning tavalludiga atalgan har tadbirimizga tashrif buyurishar edi. Anvar Hojiahmerdov, Yoqubjon Is'hoqov, Alibek Rustamiy kabi ustozlar Navoiy haqida shu qadar mehr-muhabbat bilan gapirishar ediki, bu ehtirom bizga ham ulardan yuqqan deya olaman.
Har yili 9-fevralda adabiyot sinfining barcha o'quvchilari va ustozlar muzey oldidagi haykal atrofiga yig'ilib, Navoiyni xotirlash uchun kelgan olimlarning ma'ruzalarini eshitar edik, tadbir so'ngida biz-o'quvchilar yoddan g'azal aytardik sovuqdan va hayajondan tirab.
Qanaqadir sharaf tuyardim men olimlar bilan bir safda turib eng buyuk shoirimizni yodga olayotganimizdan..
Esimda, xonalarning birida "Xamsa" dostonlariga atab devorga ishlangan suratlarni ko'rsatib, gid ayol:
-Kim topadi, nima xato ketgan shu yerda?- degan va biz astoydil har biriga tikilib, joylashuvdagi ketma-ketlik buzilganini aniqlagan edik.
Chingiz Ahmarov degan rassomni ham aynan shu muzeyda kashf qilgan edim o'zim uchun.
Eksponatlarning aksariyati shundoq ko'zim oldida turadi: qo'lyozmalar, gilamga ishlangan Sharq go'zali portreti, vazalardagi Navoiy suratlari, ilmiy ishlar va risolalar, turli davlatlardan yuborilgan sovg'alar..
Qavatdan qavatga ko'tarilib, turli davrlarda ijod qilgan shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodi bilan tanishish mumkin edi.
Keyinchalik, o'zim ham o'quvchilarimni bir necha marta olib keldim bu dargohga..
Professor Aziz Qayumov rahmatli binoning qarovsiz va e'tibordan chetda qolayotgani, ayrim xonalarini tadbirkorlarga berib yuborilgani haqida kuyunib yozgan maqolasini o'qib qattiq achingan edim.
Mana endi Navoiy ko'chasi, Navoiy metro bekati bor-u, muzey yo'q.
Millatning tarixi edi u. Adabiyotning tarixi!
Shuncha asr o'tib, bironta Navoiy chiqmadi boshqa, jilla qursa, U zotga aloqador tarixni saqlab qolishga yarasak edi..
@suvaydo