🔬 ETIKA KOMISSIYASI (IRB): nega xalqaro jurnallar etika komissiyasi tasdig'ini talab qiladi?
Maqolani xalqaro jurnalga yuborayotganda submission tizimida shunday maydonga duch kelgansiz: "Ethics approval and consent to participate". Ko'pchilik bu yerda to'xtab qoladi: "Bizda bunaqa hujjat yo'q-ku…" Keling, bu mavzuni batafsil ko'rib chiqamiz.
📌 Etika komissiyasi nima?
Xalqaro amaliyotda u Institutional Review Board (IRB) yoki Research Ethics Committee (REC) deb ataladi. Bu muassasa ichidagi mustaqil kollegial organ. U inson ishtirokidagi tadqiqotlarni boshlanishidan oldin ko'rib chiqadi va tadqiqot ishtirokchilarining huquqlari, sha'ni, xavfsizligi va shaxsiy ma'lumotlari himoyalanganini tasdiqlaydi.
Bu tizimning asosi xalqaro hujjatlarda belgilangan:
▪️ Helsinki deklaratsiyasi (Jahon tibbiyot assotsiatsiyasi, 1964-yil, so'nggi tahriri 2024-yil). Unga ko'ra tadqiqot protokoli boshlanishidan oldin mustaqil etika qo'mitasida ko'rib chiqilishi shart;
▪️ Belmont hisoboti (1979). U uchta tamoyilni belgilaydi: shaxsga hurmat, foyda keltirish va zarar yetkazmaslik, adolat;
▪️ CIOMS xalqaro etik ko'rsatmalari (2016);
▪️ UNESCOning "Fan va ilmiy tadqiqotchilar to'g'risida"gi Tavsiyasi (2017);
▪️ ALLEA "Ilmiy halollik bo'yicha Yevropa xulq-atvor kodeksi" (2023-yil tahriri);
▪️ COPE (Committee on Publication Ethics) tamoyillari.
📌 Komissiya qanday ishlarni ko'radi?
1️⃣ Inson ishtirokidagi tadqiqot loyihalarini ko'rib chiqadi. Bunga so'rovnoma, intervyu, fokus-guruh, test, pedagogik eksperiment, kuzatuv va shaxsga doir ma'lumotlar tahlili kiradi.
2️⃣ So'rovnoma savollari va xabardor rozilik (informed consent) shaklini tekshiradi.
3️⃣ Xalqaro jurnallar, grant tashkilotlari va xorijiy hamkorlar uchun Ethics Approval Letter beradi.
📌 Tadqiqotlar xavf darajasiga qarab uch turda ko'rib chiqiladi:
🟢 Exempt (ozod qilingan): anonim so'rovnomalar, ochiq statistik ma'lumotlar, shaxsni aniqlab bo'lmaydigan ikkilamchi ma'lumotlar.
🟡 Expedited (tezlashtirilgan): minimal xavfli tadqiqotlar. Masalan, ishtirokchi shaxsi ko'rsatilgan so'rovnoma va intervyular yoki katta yoshdagilar bilan pedagogik eksperiment.
🔴 Full board (to'liq ko'rib chiqish): zaif guruhlar (voyaga yetmaganlar, nogironligi bo'lgan shaxslar, o'z o'qituvchisi tadqiqotidagi talabalar) yoki sezgir mavzular (sog'liq, zo'ravonlik, din, siyosiy qarashlar).
📌 Nega jurnallar etik tasdiq talab qiladi?
COPE va ICMJE tavsiyalariga ko'ra, jurnal faqat ishtirokchilar huquqlari himoyalangan holda o'tkazilgan tadqiqotni nashr etish uchun javobgar. Elsevier, Springer Nature, Taylor & Francis, Wiley, Emerald va SAGE kabi nashriyotlar maqolada Ethics statement bo'limini talab qiladi. Unda komissiya nomi, tasdiq raqami va sanasi ko'rsatiladi.
Tasdiq bo'lmasa, maqola desk reject bo'lishi mumkin. Eng yomon holatda nashrdan keyin ham retraction (qaytarib olish) qilinadi.
📌 Qanday tadqiqotlar uchun talab qilinadi?
✅ So'rovnoma va anketa;
✅ Intervyu va fokus-guruh;
✅ Pedagogik va xulq-atvor eksperimentlari;
✅ Talabalar, o'qituvchilar, xodimlar yoki bemorlar ishtirokidagi tadqiqot;
✅ Shaxsga doir ma'lumotlar tahlili.
📌 Qanday tadqiqotlar uchun talab qilinmaydi?
❌ Faqat ochiq statistik ma'lumotlar (davlat statistikasi, World Bank, IMF va hokazo) asosidagi tadqiqot;
❌ Adabiyotlar sharhi, sistematik sharh, meta-tahlil;
❌ Nazariy va konseptual ishlar;
❌ Inson ishtirokisiz o'tkaziladigan tadqiqotlar (masalan, panel ma'lumotlar bilan ekonometrik model).
📌 Talab qilinmasa ham ma'lumotnoma olish kerakmi?
Bu eng ko'p beriladigan savol. Javob shunday: so'rovnoma yoki intervyu bo'lsa, anonim bo'lsa ham, albatta oling.
Sababi shundaki, xalqaro amaliyotda tadqiqot "exempt" ekanini tadqiqotchining o'zi emas, komissiya belgilaydi. Ko'p jurnallar "Ethical approval was not required" degan jumlani asossiz qabul qilmaydi va buni tasdiqlovchi xat so'raydi. Komissiyadan olingan exemption letterni submission tizimiga yuklasangiz, reviewer va muharrirda savol qolmaydi.
Faqat ochiq statistik ma'lumotlar yoki adabiyot sharhi bo'lsa, ma'lumotnoma unchalik muhim emas. Maqolada "This study uses publicly available secondary data and does not involve human participants" deb yozish kifoya.
⚠️ Muhim: etik tasdiq tadqiqot boshlanishidan oldin olinadi. Ko'p jurnallar retrospektiv (keyin olingan) tasdiqni qabul qilmaydi. Qabul qilgan taqdirda ham ma'lumotnomada tadqiqot keyin ko'rib chiqilgani ochiq yozilishi kerak.
📌 Bu komissiya har bir OTMda bo'lishi shart
Etika komissiyasi faqat tibbiyot muassasalari uchun emas. Iqtisodiyot, pedagogika, psixologiya, sotsiologiya, turizm va boshqa ijtimoiy fanlardagi tadqiqotlar ham inson ishtirokida olib boriladi.
Ayniqsa, OTMda doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va magistrantlar bo'lsa, komissiya juda muhim. Ularning dissertatsiya tadqiqotlarining katta qismi so'rovnoma va intervyuga asoslanadi, Scopus/WoS jurnallarida maqola chop etish esa majburiy talab. Komissiya bo'lmasa, tadqiqotchi tasdiqni hech qayerdan ololmaydi va maqolasi to'xtab qolishi mumkin.
Bundan tashqari, komissiya OTMning xalqaro reytingi, xorijiy grantlarda ishtirok etishi va ilmiy obro'si uchun ham zarur infratuzilma hisoblanadi.
💡 Amaliy maslahat: OTMingizda etika komissiyasi bor-yo'qligini ilmiy bo'limdan so'rab ko'ring. Komissiyani tashkil etish OTMning ilmiy yo'nalishiga tegishli vazifa. Bunga quyidagilar kiradi:
▪️ komissiya nizomini ishlab chiqish va tasdiqlash;
▪️ komissiya tarkibini shakllantirish;
▪️ komissiya ko'rib chiqadigan ishlar doirasini belgilash;
▪️ ariza, xabardor rozilik shakli va Ethics Approval Letter shablonlarini tayyorlash;
▪️ komissiya faoliyatiga oid boshqa tashkiliy masalalarni hal qilish.
🔔 Foydali bo'lsa, boshqa ilmiy izlanuvchilarga ham ulashing!
📢
@muyassarzoda_fayzieva#tadqiqot_etikasi #ethics_approval #IRB #ilmiy_maqola