Farzandimga maktub
Farzandim, mana bugun erkaligingni uyda qoldirib, endi yurishni o'rganayotgan go'dak kabi katta hayotga ilk qadamni tashlayapsan.
Bizning jajji kichkintoyimiz jamiyatning bir a'zosi sifatida ajralib chiqayotgani, ilm olishga shaylanganini ko'rish qanday yoqimli.
Bo'ying bilan barobar portfelni orqalab olgan holingda ko'zimga hali juda kichkina, beg'ubor ko'rinyapsan.
Umid, hayajon uchunlari porlayotgan ko'zlaringga boqib bir nimalar degim keldi:
Yodingda tut. Xato qilish dahshatli hodisa emas. Hammamiz xato qilamiz. Muhimi xatolardan xulosa qilib yo'lda davom etish. Hamma ham buni uddasidan chiqa olmaydi. Xato qilishdan hayiqib hech narsa qilmaslikni esa ko'pchilik qoyillatadi. Ishonamanki, sen o'sha ko'pchilik ichiga kirmaysan.
Omadsizlikka uchragan payting o'zingni qattiq koyima, aksincha, o'zingga nisbatan shafqatliroq munosabatda bo'l. Allohdan yordam so'ra. Har bir ishning hikmati borligini tafakkur qil. Shundagina biroz tinchlanib, yechim o'ylay olasan.
Past baho olish tragediya emas. Qoniqarsiz bahoni intilish bilan o'zgartirish mumkin. Lekin aldov yo'li bilan olingan a'lo bahoning qorasini yuzingdan ketkazish qiyin. Hayotda muhimi o'ziga hamda o'zgalarga nisbatan rostgo'y bo'lish.
Hali judayam kichkinasan. Shoshasan, tez hafsalang pir bo'ladi.
Lekin bilgingki, qiyinroq degani iloji yo'q deganimas. Bu sening rivojlanishingga ochilgan eshik. Dunyo ajoyibotlarini kashf etish uchun eshikni qoqib ko'rish kerak. Robbingdan madad so'rab, izlanishda davom et. Bu ortga bo'sh qo'l bilan qaytishdan ko'ra zavqliroq.
Harakatda ekansan, unutma, natija tezda seni quvlab kelmasligi mumkin. Hayotda jarayondan zavqlanish, maqsadlarga erishishda biroz qaysar bo'lish muhim.
Sen katta yo'ldasan. U yerda turli yo'lovchilar bor.
Yo'lingda biroz qo'polroq, dilozorroq, xatolaringdan mazza qiladigan, sendan biror kamchilik topib olib masxaralaydigan, o'zingga bo'lgan ishonchingni tushirmoqchi bo'ladigan baxtsiz odamlar uchrashi mumkin. Qiladigan ishi faqat shundan iborat kishilarning gaplarini yurakka yaqin olmasdan ko'zlagan manziling tomon harakatlanishni odat qilishing darkor.
Qachon qiyin vaziyatga tushib qolsang, kimgadir dardingni aytishga ehtiyoj sezsang, o'zga manzil izlama. Yonimga darhol yetib kel. Men har doim sen tomondaman. Seni tinglayman, dalda beraman, birgalikda o'ylab ko'ramiz hamda yechim qidiramiz.
Seni boringcha yaxshi ko'ruvchi, ardoqlovchi Onang!❤️
©
https://t.me/farzandruhiyati