♟ FIDE nomzodlar turniri – 2026 g‘olibi Javohir Sindarov yurtimizda tantanali ravishda kutib olindi
Pafos – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan delegatsiya “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportiga yetib keldi. Chempion va delegatsiya a’zolari tantanali ravishda kutib olindi.
Javohir Sindarov ushbu nufuzli turnirda 10 ochko jamg‘arib, tarixiy natija qayd etdi va O‘zbekiston sharafini yana bir bor yuksaklarga ko‘tardi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abdurahmonov, Sport vaziri Adkham Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov, rasmiylar, sportchining yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tantanali marosim davomida Davlat madhiyasi yangradi. Shuningdek, Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan Javohir Sindarovni "Mehnat shuhrati " ordeni bilan taqdirlash to'g'risida Prezident farmoni o‘qib eshittirildi. Shundan so'ng, chempion Javohir Sindarovni ijodkorlar va uning yaqinlari qutlashdi.
Yurtimizda shaxmat sportiga bo‘lgan yuksak e’tibor, davlat rahbarining tizimli qo‘llab-quvvatlashi va yosh iste’dodlarni rag‘batlantirish siyosati natijasida bugun xalqaro maydonda yirik g‘alabalar qo‘lga kiritilmoqda.
Endilikda u jahon toji uchun amaldagi jahon chempioniga qarshi bahs olib boradi.
Chempionimiz bilan faxrlanamiz!
https://gov.uz/sport/ |
https://t.me/Minsportuz |
http://fb.com/MinistrySportUz |
https://www.instagram.com/minsport.uz/ |
http://bit.ly/30pICdW