1/2Koreya Adliya vazirligi xorijiy talabalar soni 400 mingga yetayotgan bir paytda viza siyosatini tubdan yangilamoqda. Endi asosiy e’tibor talabalarni jalb qilish bilan birga, ularning ishga joylashishi va kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi.
1. Koreyaga kirish bosqichi
① Koreys tilini yaxshi biladigan talabalar — TOPIK 4-daraja yoki Ijtimoiy integratsiya dasturining (KIIP) 4-bosqichi talabiga javob beruvchilar — viza olish uchun ariza topshirishda moliyaviy imkoniyatini tasdiqlashdan to‘liq ozod qilinadi.
② Noqonuniy qolishning oldini olish uchun ayrim mamlakatlarga nisbatan o‘qish xarajatlari uchun kafolat depoziti tizimi kengaytiriladi. Shuningdek, ta’lim hujjatlarini tekshirish va xorijdagi ta’lim agentliklarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali nazorat kuchaytiriladi.
③ OECD mamlakatlari talabalari uchun “Gap year” — o‘qishdagi tanaffus davri talabalik vizasi (D-2-8) hamda “kelajak universiteti” uchun qisqa muddatli viza kabi yangi kirish yo‘nalishlari joriy etiladi.
2. Universitetda o‘qish va rivojlanish bosqichi
① Qo‘shimcha ishlashga ruxsat olish uchun ariza topshirishda universitet beradigan 시간제취업 확인서 — yarim stavkali ishlashni tasdiqlovchi hujjat orqali hujjat topshirish tartibi ancha soddalashtiriladi.
② Biroq talabalarni o‘qishga jiddiy e’tibor qaratishga undash maqsadida qo‘shimcha ishlashga ruxsat berishdagi koreys tili talabi KIIP 3-bosqichigacha oshiriladi.
③ Ta’limdan ko‘ra ishlashga ko‘proq yo‘naltirilgan, darslari asosan dam olish kunlari, kechki payt yoki onlayn shaklda o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlariga beriladigan viza imtiyozlari to‘liq bekor qilinadi.
3. O‘qishni tugatgandan keyin ishga joylashish va doimiy yashashga o‘tish bosqichi
① Bitiruvdan keyingi D-10 ish qidirish vizasi bo‘yicha yashash muddati koreys tili darajasi va ishga tayyorgarlik holatiga qarab, ko‘pi bilan 3 yilgacha uzaytiriladi. Bu bitiruvchilarga ishga joylashish uchun barqaror tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.
② Tabiiy fanlar va muhandislik yo‘nalishidagi xorijiy talabalar ishlab chiqarish sohasiga ishga kirganda, ularning malakali ishchi vizasiga (E-7) o‘tishi qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, professional texnik magistratura — K-Tech Master Visa yo‘nalishi orqali D-2 talabalik vizasidan F-2 yashash vizasiga o‘tish qo‘llab-quvvatlanadi.
③ Universitetlardagi OASIS bilan bog‘langan dasturlar orqali texnologik biznes tashkil etish va D-8-4 vizasiga o‘tishga ko‘maklashiladi. O‘z mamlakatiga qaytgan bitiruvchilar uchun esa ko‘p martalik “Koreyada tahsil olgan bitiruvchilarning tashrif vizasi” — Study Korea Alumni Visa joriy etiladi.
4. Xorijiy talabalarga ma’muriy yordam tizimi
① Hududiy immigratsiya idoralarining 5 tasida xorijiy talabalarning viza va yashash masalalarini qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi. Ularda arizalarni ko‘rib chiqish ishlari bir joyda, yagona tartib asosida amalga oshiriladi.
② Sun’iy intellektga asoslangan onlayn platforma yaratiladi. Bu orqali talabalar immigratsiya idorasiga bormasdan va qog‘oz hujjat topshirmasdan murojaatlarini hal qilish imkoniga ega bo‘ladi.
③ Talabalarga kasblar bo‘yicha malaka talablarini jamlagan ishga joylashish vizasi uchun tekshiruv ro‘yxati hamda bosqichma-bosqich yuqoriroq viza maqomiga o‘tish yo‘llari ularning holatiga mos ravishda taqdim etiladi.
©️Manba : ganiev_tarjimon
tg | @uzbek_students_korea









