Navoiyda yaylov o‘simliklari urug‘chiligi bo‘yicha yangi tajriba yo‘lga qo‘yiladi
🌱 Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Navoiy viloyati Konimex tumanidagi Sho‘rko‘l qishlog‘i yaqinida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Navoiy tajriba uchastkasi uchun ajratilgan hududda bo‘ldi.
🌲 2000 gektar maydonni egallagan hududda cho‘l va yaylov sharoitiga mos, chorva hayvonlari uchun ozuqabop o‘simliklarni yetishtirish, ularning urug‘larini ko‘paytirish hamda ilmiy-tajriba ishlarini olib borish ko‘zda tutilmoqda.
🔬 Loyihaning dastlabki bosqichida 5 gektar maydonda tajriba tashkil etiladi. Bunda har bir gektar maydonda turli preparat va elementlarning o‘simliklar rivojiga ta’siri alohida o‘rganiladi:
• 1 gektar — droja va shakar;
• 1 gektar — boriy kislotasi;
• 1 gektar — kremniy;
• 1 gektar — marganes;
• 1 gektar — aspirin aralashmasi asosidagi tajriba.
💧 Maxsus tayyorlangan suyuqlik va preparatlar tuproqqa ishlov berish hamda o‘simliklarning ildiz tizimini jonlantirish maqsadida qo‘llanadi. Shu bilan birga, tajriba maydonlariga tegishli o‘simlik urug‘lari ekilib, ularning unishi, rivojlanish dinamikasi va hosildorligi kuzatib boriladi.
📊 Tajriba natijalariga ko‘ra, qaysi preparat yoki element o‘simlik rivojiga yuqori samaradorlik ko‘rsatsa, kelgusida aynan shu yo‘nalish bo‘yicha texnologik tavsiyalar va dastur ishlab chiqiladi.
🧬 Loyihaga ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy salohiyatini jalb qilish, yaylov o‘simliklarining mahalliy sharoitga mos turlarini aniqlash va ularning urug‘chiligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
👨🌾 Shuningdek, hududga yaqin qishloq aholisi va yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning daromadlarini oshirish ham loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biri. Mahalliy aholi tajriba maydonlarida yetishtirilgan urug‘lik va ozuqabop o‘simliklarni ko‘paytirish, shuningdek, ularni ishlab chiqarishga joriy etish jarayonlariga jalb qilinadi.
🐑 Mazkur loyiha orqali yaylov xo‘jaligini rivojlantirish, chorvachilik uchun sifatli ozuqa bazasini kengaytirish va cho‘l hududlarining tabiiy resurslaridan samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.
📌 Vazir loyiha doirasidagi ishlarni bosqichma-bosqich, ilmiy asosda tashkil etish, tajriba natijalarini muntazam tahlil qilib borish va samarali usullarni keyinchalik keng joriy etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
🌐
https://gov.uz/agro/ 💬
https://t.me/uzagroministry 💬
https://www.facebook.com/agrouzbekistan 📺
https://www.youtube.com/channel/UCyNJPOK19dl0ekedbTf_pfg 📷
https://www.instagram.com/uzagroministry/