Jizzaxda «Mahalla 17 ligi» tizimi faoliyati muhokama qilindi
Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida mahallalarda aholi bilan ishlash, mavjud muammolarni xonadonbay o‘rganish va mas’ul tashkilotlarning mahalladagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Bugun mahallada ishlash uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Har bir xonadon bilan ishlash, aholi muammolarini joyida aniqlash va hal etish, oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilab berilgan.
Jizzaxda ana shu vazifalarni samarali tashkil etish maqsadida «Mahalla 17 ligi» shakllantirilib, har bir tashkilot va mas’ulga muayyan vazifalar biriktirilgan.
Biroq tahlillar mahalladagi barcha mas’ullar ham ushbu tizimning mazmun-mohiyatini birdek anglab yetmaganini ko‘rsatmoqda.
— Mahallada ishlash — bu faqat biriktirilgan hududga nomiga borib kelish emas. Bu — odamlarning muammosini bilish, ularning ehtiyojini o‘rganish va aniq natija qilish demakdir, — dedi viloyat hokimi.
Biriktirilgan mahallasiga bormagan xodim u yerda qaysi xonadonga yordam kerakligini, qaysi oilada qanday muammo borligini, qanday imkoniyatdan foydalanish mumkinligini qayerdan biladi?
Shu bois yig‘ilishda «17 lik» rahbarlaridan o‘z xodimlarining faoliyatini muntazam nazorat qilish, ularga aniq vazifa va yo‘nalish berish talab etildi.
Mahalladagi faoliyat sohalar kesimida ham tahlil qilindi. Xususan, ijtimoiy soha xodimlari Arnasoy tumanidagi «Do‘stlik», Baxmal tumanidagi «O‘rmonchi» va Sharof Rashidov tumanidagi «Nurafshon» MFYlarda uch oy davomida og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushgan birorta oila bo‘yicha keys ochmagan.
Veterinariya sohasida ham kamchiliklar aniqlandi. Har bir xonadondagi chorvaning pasportini shakllantirish, aholi xonadonlarida o‘rganish ishlarini olib borish va mavsumiy kasalliklarga qarshi emlash vazifalari ayrim mahallalarda bajarilmagan.
Bunday holatlar Sharof Rashidov, Jizzax shahri, Zarbdor, Zafarobod, Mirzacho‘l va Paxtakor hududlaridagi qator mahallalar misolida qayd etildi.
Yoshlar bilan ishlashda ham ayrim hududlarda natija qoniqarli emas.
Xususan, joriy yilda Arnasoy va Mirzacho‘l tumanlarida «Yoshlar daftari» orqali birorta ham yoshga yordam ko‘rsatilmagan.
Hokim yordamchilari faoliyatida ham reja ijrosi ta’minlanmagan mahallalar mavjud. Jumladan, Sharof Rashidovda 15 ta, Baxmalda 10 ta, Jizzax shahrida 8 ta, Zarbdorda 6 ta, Zominda 5 ta, shuningdek, Do‘stlik, Forish va Arnasoyda 3 tadan, G‘allaorol va Yangiobodda 2 tadan MFYda bandlik dasturi ijrosi ta’minlanmagan.
Yig‘ilishda mahallada amalga oshirilayotgan ishlar aholiga sezilishi va ko‘rinishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Xalq bilan ishlashda raqam ortidan quvish emas, odamlar hayotidagi o‘zgarish asosiy mezon bo‘lishi kerak. Keksalar va nuroniylar bilan muloqot qilish, aholining faol qatlamlarini jarayonlarga jalb etish, amalga oshirilayotgan ishlar va yaratilgan imkoniyatlarni xalqqa yetkazish muhim.
Buning uchun hokimlar, «Mahalla 17 ligi» rahbarlari va barcha mas’ullar pastga tushib, xonadonbay ishlashi lozim.
Mahalladagi har bir xodim o‘z vazifasini aniq bilishi, har bir rahbar o‘z jamoasi faoliyati uchun shaxsan mas’ul bo‘lishi kerak.
Kechagi selektor yig‘ilishida ham mahalla xodimlarini «loyihabay» ishlashga tayyorlash, ularning salohiyatini chuqur o‘rganish va natija ko‘rsata oladigan kadrlarni saralash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Shundan kelib chiqib, endi har bir mas’uldan shunchaki vazifani bajarish emas, aniq natija talab etiladi.
Shu ma’noda, «Mahalla 17 ligi»ni joyiga qo‘yish — bu yangi nom yoki yangi tizim yaratish emas, balki mavjud imkoniyatlarni to‘g‘ri ishga solib, mahallada real natija yaratish vazifasidir.
Endi har bir hudud, har bir mahalla va har bir mas’ulning ishi qog‘ozdagi hisobot bilan emas, xalq hayotidagi o‘zgarish bilan baholanadi.
https://t.me/jizzaxviloyatihokimligi 👈 Manbaa
🇺🇿🇺🇿🇺🇿🇺🇿🇺🇿🇺🇿
https://gov.uz/oz/bv-jizzax/news/news | |
https://www.facebook.com/share/1E3r1hSe4N/?mibextid=wwXIfr |
https://www.instagram.com/p/DUakLz5DDKx/?igsh=cnBhYnAxdjR5emZx |
https://youtube.com/@husanxonshukurullaev?si=Yd3MI0sATnuaNXzB| https://x.com/husanxonshd0hw?s=11 |
https://t.me/Jizzaxbandlikmurojaat_bot