1/4Barchangizni bugun yurtimizda keng nishonlanayotgan O‘zbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Til — millatning o‘zligi, ma’naviyati, tarixi va madaniyatini namoyon etuvchi bebaho boylikdir. Ona tilimizda xalqimizning ko‘p asrlik hayot tajribasi, orzu-intilishlari va milliy qadriyatlari mujassam. Shu bois tilni asrab-avaylash, uning sofligini saqlash va rivojlantirish har birimizning burchimizdir.
Buyuk mutafakkir bobomiz, she’riyat mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy bejizga: «Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz», deya ta’kidlamaganlar. Jadid bobomiz Abdulla Avloniy esa “Tilni yo'qotmak, millatni yo'qotmak demakdir” deya til va millat taqdiri o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni alohida e’tirof etgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilining nufuzi va mavqeyini oshirish, uning imkoniyatlarini keng namoyon etish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining xalqaro minbarlarda o‘zbek tilida nutq so‘zlashi ham ona tilimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yuksaltirish, uni dunyoga keng tanitish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
2020-yil 10-aprelda «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi tilimizga bo‘lgan yuksak e’tiborning muhim ifodasi bo‘ldi. Ushbu qonun ona tilimizga hurmatni yanada mustahkamlash, uning jamiyat hayotidagi o‘rnini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktyabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va unda belgilangan vazifalar davlat tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish, o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini keng namoyon etishga xizmat qilmoqda.
Aytish o‘rinliki, tilimizning rivojlantirish va uni dunyoga keng yoyishda ta’lim muassasalari, ilm-fan va madaniyat sohasi vakillarining faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, san’at va madaniyat sohasi vakillariga ona tilimizni ardoqlash, uni adabiy me’yorlarga muvofiq qo‘llash va o‘zlarining ijodi orqali uning boy imkoniyatlarini namoyon etishdek mas’uliyatli vazifa yuklanadi. Zero, tilning go‘zalligi, jozibasi va qudrati, eng avvalo, uni qanday qo‘llashimizda namoyon bo‘ladi.
Aziz do‘stlar!
Ona tilimizning bugungi mavqeyini yanada mustahkamlash, uni kelajak avlodlarga boy va betakror meros sifatida yetkazish barchamizning sharafli vazifamizdir. Tilimizni qadrlash — millatimizni qadrlash, uning kelajagiga befarq bo‘lmaslik demakdir.
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor O‘zbek tili bayrami bilan muborakbod etaman. Xonadonlaringizdan fayz-u baraka, qalblaringizdan mehr-muhabbat, hayotingizdan tinchlik va xotirjamlik arimasin. Ona tilimizning dovrug‘i hamisha baland, umri esa boqiy bo‘lsin!
So‘zimni O‘zbekiston Qahramoni, atoqli shoir Erkin Vohidovning ona tilimizga bo‘lgan cheksiz muhabbatni ifodalovchi ushbu misralari bilan yakunlamoqchiman:
Bu sado yangrar hamon,
Sira ado bo‘lmaydi.
Olam aytar:
Hech qachon
Ona tilim o‘lmaydi!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, azizlar!
Hurmat bilan,
Nodirbek Sayfullayev,
O‘zbekiston Respublikasi
Madaniyat vazirning birinchi
o‘rinbosari
💠 Barcha yangiliklarni markazning rasmiy sahifalarida kuzatib borishingiz mumkin:
🌍🌍🌍🌍🌍🌍
📱 Telegram | 📱 Instagram
📱 Facebook | 📱 Youtube









