💰Germaniyada ipotekaga kvartira sotib olish
Ko'chmas mulk — pul jamg'arishning eng oddiy va konservativ usullaridan biridir. Ammo uni har doim ham sotib olavermaslik kerak va xatolarga yo'l qo'yish mumkin, ularni ushbu postda tahlil qilamiz.
Oldinroq Germaniyada deyarli 50% aholi
ijarada yashaydi va ijarada turuvchilar uchun ham
o'ziga xos qoidalar mavjudligi haqida yozgan edim. Bugun tanganing boshqa tomonini, o'z kvartirasiga ega bo'lganlar yoki bo'lmoqchilar haqida gaplashamiz. Umuman olganda, Germaniyada barqaror ishi bor odamga, ipotekaga kvartira sotib olish, unchalik qiyin ish emas.
Eng ommabop savolga javob beradigan bo'lsak — Germaniyada ipotekani nemis pasportisiz va hatto Doimiy Yashash Guvohnomasisiz (PMJ) ham olish mumkin (nisbatan qiyinroq bo'lsa ham). Bunda ipoteka oylik to'lovi uy xo'jaligi daromadining 35% idan oshmasligi kerakligini hisobga oling.
Qancha jamg'arma kerak?
Federal yer (viloyat)ga qarab, kvartira narxiga qo'shimcha ravishda 8-12% qo'shimcha xarajatlarini (soliq, notarius, rieltor) to'lashga to'g'ri keladi. Ipotekani tasdiqlash uchun eng minimal ko'rsatkich — ushbu 8-12% dir (men 3% boshlang'ich to'lov bilan kredit tasdiqlangani haqida eshitganman). Ammo mutaxassislar baribir ko'proq — 20-30% kiritishni tavsiya qilishadi, u holda tasdiqlash imkoniyati yuqoriroq bo'ladi.
O'zingiz uchun kvartira:
Ipoteka oylik to'lovi taxminan ijara narxiga teng bo'lsa, mutlaqo ideal variant bo'ladi. Siz uy-joy uchun o'sha pulni to'laysiz va shartli 25-30 yildan keyin kvartiraga egalik qilasiz. Agar ipoteka olmaganingizda,
pensiyada ham ijara haqini to'lashda davom etgan bo'lar edingiz (katta shaharlarda bu pensiyadagilar uchun tobora og'irlashmoqda). 2026 yildagi joriy ko'chmas mulk bozorining paradoksi shundaki, katta shaharlarda kvartira sotib olish uni ijaraga olishdan ko'ra osonroq.
Investitsiya sifatida kvartira:
Ipotekaga kvartira sotib olib, uni ijaraga berishga hech narsa xalaqit bermaydi. Yaxshi investitsiya — bu ijara haqi ipoteka to'lovini qoplaydigan holatdir. Boshqacha aytganda, kvartirangiz uchun to'lovni ijarachi amalga oshiradi, uning oyiga shartli 800€ bo'lgan har bir to'lovi sizni ushbu summaga boyitadi. Shunday usulda o'nta kvartirani boshqaradigan odamlarni bilaman, lekin bunday holatda sizga bu full-time job aylanadi, chunki ko'chmas mulk — ba'zilar o'ylaganidek passiv investitsiya emas. Tuzukroq ijarachilarni topish, hamma komunal to'lovlarni to'lash, nosozliklarni tuzatish — barchasiga vaqt kerak.
Soliqlarni ham unutmaymiz — kvartirani ijaraga berish sizni o'z vaqtida deklaratsiya topshirishga majbur bo'lganlar qatoriga o'tkazadi.
Ipoteka kreditini qanday olish mumkin:
Kvartira qidirishdan oldin, bank tomonidan dastlabki tasdiq bo'lishi uchun, ipotekani oldindan taxminiy obyektlar bo'yicha kelishishni boshlagan ma'qul. Qancha ko'p taklif olsangiz — shuncha yaxshi. Dastlab o'z bankingizdan ipoteka so'raymiz, bir vaqtning o'zida bir nechta banklarni tanlab bera oladigan agent-agregatorga murojaat qilish ham yaxshi. Masalan, Interhyp. Dastlabki takliflar uchun hech narsa to'lash shart emas, o'zingiz uchun eng yaxshi shartlarni tanlab olishingiz kerak. Stavka oxirgi uch yilda oshgan bo'lsada, so'nggi paytlarda u pasaymoqda, o'rtacha 3-4% ostida kredit olish mumkin. O'zbekistonda ushbu ko'rsatkich banklar va dasturlarga qarab odatda 16,5% dan 25% gacha boshlanadi.
Ko'pincha "kvartira narxining 40% ini jamg'armaganimcha, kredit berishmaydi" degan xato fikrlarni eshitaman. Bu unday emas, muayyan holatlarda siz hatto deyarli shaxsiy mablag'larsiz ham kvartira xarid qilishingiz mumkin:
▪️️ Kvartira narxining 20-30% qismi: bunda bank kredit bo'yicha eng maqbul shartlarni taklif qiladi.
▪️ 10% qismi: hozirgi kunda bu, qoida tariqasida, ipotekani tasdiqlash uchun minimal ko'rsatkichdir; bank taxminan Nebenkosten (har xil yerlarda 10-15%, Berlinda taxminan 11,5%) xarajatlarini qoplashi kerak
▪️ 0-5% qismi: 2022 yildagi foiz stavkalari oshganidan keyin bu kamdan-kam uchraydigan holat, lekin baribir bo'lib turadi; banklar bunday kreditlarni yuqori daromadga ega qarz oluvchilarga ajratishadi
Agar ko'p pul jamg'argan bo'lsangiz, mutaxassislar barcha mablag'ni kreditga sarflab yubormaslikni tavsiya qilishadi (pullar ta'mirlash yoki kutilmagan xarajatlar uchun kerak bo'lib qolishi mumkin).
Obyektni qanday topish kerak:
Eng yaxshi obyektlar uchun kurashishga to'g'ri keladi.
Turar joy saytlarida qidiruvni sozlaymiz, bozorni tahlil qilamiz, kvartira ko'rishlarga boramiz, duch kelgan birinchi obyektni sotib olishga shoshilmaymiz. Lekin yaxshi kvartiralar tezda sotilib ketadi, shuning uchun hammasi joyida ekanligini tushunsangiz, tez va qat'iyat bilan harakat qilish kerak. Qidiruv uchun sizga makler kerak emas — bu ortiqcha xarajat (usiz ham, katta ehtimol bilan, sotuvchi tomondagi makler uchun to'lashga to'g'ri keladi). Bitimning huquqiy tozaligini notarius tekshiradi, ochiqchasiga firibgarlikka duch kelish qiyin (lekin imkonsiz emas).
Qayta sotish masalasi-chi?
Agar kvartirani sotmoqchi bo'lsangiz va u narxda o'sgan bo'lsa, muhim qoida bor: agar kvartira sotilgan yili va undan oldingi ikki yilda sizning asosiy yashash joyingiz bo'lgan bo'lsa, foyda solig'ini to'lash shart emas. Agar bu ijaraga berilgan sof investitsion kvartira bo'lsa, xarid qilingan paytdan boshlab 10 yil kutish kerak bo'ladi.
Umuman olganda, ko'chmas mulk — bu investitsiya portfelida bo'lishi kerak bo'lgan qurollardan faqat biri, barcha mablag' va kuchni faqat bitta obyektga tikish tavsiya etilmaydi. Daromadlilik barqaror, ammo eng yuqorisi emas. Investitsiyalar haqidagi turkumdan barcha postlarni
bu yerdan topishingiz mumkin.
#FoydaliGermaniya
♻️ Germaniyalik o'zbek