Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 501-son qarori bilan pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan farzandlariga bazaviy to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma berish belgilangan.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomning 2-bandiga ko‘ra:
pedagog – ta’lim tashkilotida qonunchilikka muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga kiritilgan lavozimda kasbiy faoliyat yurituvchi shaxs.
Demak, 30 foizlik chegirmani olish uchun ikkita mezon bir vaqtda mavjud bo‘lishi kerak:
– xodim ta’lim tashkilotida mehnat shartnomasi asosida ishlashi;
– uning lavozimi Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lishi.
Adliya vazirligida 3849-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatining 452-pozitsiyasida “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari” pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozim sifatida aniq ko‘rsatilgan. Shunday ekan, CHQBT rahbarining lavozimi bo‘yicha hech qanday huquqiy noaniqlik yo‘q: ushbu lavozim 501-son qaror qo‘llanadigan lavozimlar jumlasiga kiradi.
Buni Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-noyabrdagi 591-son qarori ham tasdiqlaydi. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomning 38-bandiga ko‘ra, CHQBT rahbarining pedagogik ish stajiga Qurolli Kuchlar tizimida o‘tagan haqiqiy harbiy xizmat muddati qo‘shiladi. Nizomning 39-bandida esa CHQBT rahbarlariga ta’lim muassasalaridagi boshqa fan o‘qituvchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar tatbiq etilishi belgilangan.
Biroq kontrakt.edu.uz tizimida ayrim arizalar:
“Otangizning ish joyi – Mudofaa ishlari bo‘limi chegirma beriladigan tashkilotlar ro‘yxatida yo‘q”, degan sabab bilan rad etilmoqda.
Bu yerda tizim xodimning lavozimini emas, uning mehnat tizimida ko‘rsatilgan ish beruvchisini asos qilib olmoqda. Ya’ni CHQBT rahbari pedagogik lavozimda faoliyat yuritayotgani tan olinmoqda, ammo ish beruvchi sifatida Mudofaa ishlari bo‘limi ko‘rsatilgani sababli imtiyoz qo‘llanmayapti.
CHQBT rahbarlarining ish beruvchisi Mudofaa vazirligi tizimidagi mudofaa ishlari bo‘limi bo‘lishi mumkin. Bunday holatda 501-son qarorning so‘zma-so‘z talqini bo‘yicha muammo yuzaga keladi. Chunki xodimning lavozimi tegishli ro‘yxatga kiritilgan bo‘lsa-da, uning ish beruvchisi ta’lim tashkiloti hisoblanmaydi.
Ayni vaqtda 591-son qarorning 39-bandi CHQBT rahbarlariga boshqa fan o‘qituvchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar tatbiq etilishini belgilagan. Shu sababli faqat ish haqi Mudofaa vazirligi tizimi orqali to‘lanayotgani yoki ish beruvchi sifatida Mudofaa ishlari bo‘limi ekanligi vajidan 30 foizlik chegirmani rad etish ushbu kafolatning mazmuniga mos kelmaydi.
Demak, “CHQBT rahbarlariga 30 foizlik chegirma umuman berilmaydi” degan xulosa noto‘g‘ri. CHQBT rahbari:
– pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga kiritilgan;
– uning faoliyati pedagogik faoliyat sifatida e’tirof etilgan;
– unga boshqa fan o‘qituvchilari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar tatbiq etilishi belgilangan.
Muammo CHQBT rahbarining pedagogik maqomida emas, 501-son qarorda imtiyozni ta’lim tashkilotida tuzilgan mehnat shartnomasiga bog‘lab qo‘yilgani hamda elektron tizimda Mudofaa ishlari bo‘limlari chegirma qo‘llanadigan tashkilotlar qatoriga kiritilmaganidadir.
Shu sababli ta’lim muassasasida CHQBT fanidan pedagogik faoliyat yuritayotgan, ammo shtat Mudofaa vazirligi tizimida qayd etilgan CHQBT rahbarlari ham 30 foizlik chegirmadan foydalanishi uchun 501-son qarorga aniqlik kiritilishi yoki platformadagi tekshirish mezonlari 591-son qarorning 39-bandiga muvofiqlashtirilishi kerak.
Qonunchilik bir tomondan CHQBT rahbariga boshqa o‘qituvchilarning barcha imtiyozlarini berib, ikkinchi tomondan elektron tizim orqali ushbu imtiyozdan foydalanishni cheklab qo‘ymasligi lozim.
➡️ @yurist_imomniyozov












