Algoritmlarni mustahkamlashimda yordam bergan manbalar
Va'da qilganimdek o'tgan yil davomida (aniqrog'i 5-6 oyda) algoritmlar mavzusini mustahkamlashimda yordam bergan manbalarni ulashib o'taman.
0 dan boshlash uchun
Agar dasturlashdan xabaringiz bor bo'lib, aynan algoritmlarni 0 dan boshlab o'rganmoqchi bo'lsangiz Colt Steelening
https://www.udemy.com/course/js-algorithms-and-data-structures-masterclass/ kursi menimcha eng yaxshi tanlovlardan. Kurs JavaScriptda ekaniga qaramasdan asos bilimlarni o'rganishingiz uchun ajoyib manba.
Faqat kurs ancha oldin tuzilgan va shu sababli yangi o'xshash kurslar jadvalidan farq qiladi. Masalan, rekursiya haqida ancha erta gapirilgan. LinkedList haqida ancha keyinroq.
Bu kursda Leetcode masalalariga ko'p urg'u berilmagan. Ammo ma'lumotlar tuzilmalari juda chuqur o'rgatilgan.
Tushunchani mustahkamlash va ozroq Leetcode uchun
Scott Barretning
https://www.udemy.com/course/data-structures-algorithms-python/ kursi agar menga o'xshab oldinroq algoritm va ma'lumotlar tuzilmalarini o'qib hozir yaxshiroq tushunib mustahkamlab olmoqchi bo'lganlar uchun juda zo'r manba.
Kurs aslida 0 dan boshlab o'qimoqchi bo'lganlar uchun ham to'g'ri keladi. Faqat asos mavzular, masalan Big O u darajada chuqur emasdek tuyildi. Keyin rekursiya mavzusiga ancha kechroq to'xtaladi. Albatta bu mening shaxsiy fikrim.
Ajoyib tomoni har bir algoritmni silliq animatsiyalar bilan aniq tushuntirib berilgani. Yana agar Python bilan arazlashib qolgan joyingiz bo'lsa kursning
https://www.udemy.com/course/data-structures-and-algorithms-java/, https://www.udemy.com/course/data-structures-algorithms-javascript/ va
https://www.udemy.com/course/data-structures-algorithms-cpp/ versiyalari ham bor. Yo'q PHP versiyasi yo'q afsuski.
Kurs davomida ba'zi Leetcode masalalari ham berib ketilgan lekin intervyu uchun bularning o'zi yetarli bo'lmaydi.
O'rta darajadagi tayyorgarlik
Agar mavzularni bir boshdan takrorlash bilan birga o'rtacha darajadagi Leetcode masalalarini yechib ketmoqchi bo'lsangiz, DesignGurusning
https://www.designgurus.io/course/grokking-data-structures-for-coding-interviews kursi mos kelishi mumkin.
Faqat bu kurs intervyudan bir hafta oldin tezkor takror uchun emas. 2-3 oy o'tirib astoydil tayyorgarlik ko'rishga. Kursdan keyin intervyularga to'liq tayyor bo'lib qolmaysiz, lekin ancha ishonchingiz ortib o'rtacha darajaga chiqqaningizni his qilasiz.
Kurs kamchiligi ko'p mavzular juda tez gapirib o'tib ketilgani. Bu kursni yuqoridagi 2 ta kursdan biri, ayniqsa Scott Barretniki bilan parallel o'qish juda yaxshi samara berar ekan.
Kurs o'zini alohida sotib olaman desangiz biroz qimmatga tushadi. Agar imkoningiz bo'lsa, DesignGurus butun umrlik a'zoligini olib qo'yishni tavsiya qilaman. Qanday qilib ancha arzonga olishni izohlarda yozib qoldiraman.
Yuqori darajadagi tayyorgarlik
Agar "Coding intervyu guru bo'laman. Yorib tashlamoqchiman" desangiz, unda yana o'sha DesignGurusning
https://www.designgurus.io/course/grokking-the-coding-interview o'rganib chiqishingiz mumkin.
Faqat buning uchun 5-6 oy vaqtingiz ketadi. Kurs salkam 40 ta bo'lim, 543 ta dars va 617 ta masaladan tashkil topgan. Ammo juda mashhur va ancha yuqori baholangan. Bu kursdan to'g'ri foydalanib tirik chiqa olsangiz, Leetcoderlar orasidagi top 1-3% ichiga kirib ketasiz.
Tezkor takrorlash
Algoritmlarni avval ancha o'qib intervyu oldidan tezkor takrorlash qilmoqchi bo'lsangiz
https://neetcode.io/practice/practice/blind75, https://www.designgurus.io/course/grokking-75-top-coding-interview-questions yoki
https://neetcode.io/practice/practice/neetcode150 dan foydalanishingiz mumkin.
Bu yerda shunchaki o'sha masalalar yechimini eslab qolish emas, asosiy tushunchalarni takrorlab olish va yangi masalalarni yechishda ulardan namuna sifatida foydalanish mumkin.
O'zbek tilida
O'zbek tilidagi manbalar ichida hozirda Azimjonning
https://42.uz/course/express-algoritmkursiga yetadigani bo'lmasa kerak. O'zim o'qib ko'rmagan bo'lsam ham bemalol tavsiya qila olaman. Faqat boshlang'ich darajaga mos keladi deb o'ylamayman.
Qo'shimchasiga o'zim 2019-yilda Mediumda yozgan shu mavzudagi
https://medium.com/@janobmusayev o'qib ko'ring. Haligacha oyiga 300-500 ta o'qishlar bo'lib turadi.
Agar men eslamagan qaysidir manbani judayam foydali deb bilsangiz izohlarda yozib qoldiring! Yoki shunchaki fikringizni yozishingiz ham mumkin 🙂
#algorithms #DSA #coding #interview_life