‼️Yosh olimlar nega ilm-fandan bezib qolmoqda?
“Umrimda birinchi va oxirgi marta dissertatsiya yozishim. Qaytib yozmayman! DSc degan baloga yaqinlashmayman. Undan ko‘ra, kitob yozib yuraman. Eson-omon PhDni himoya qilib olsam bo‘ldi. Qasam!”
💠Ijtimoiy tarmoqlarda bir yosh tadqiqotchining shu gaplarini o‘qib qoldim.
Bu yigitni shaxsan taniyman. Ilmi bor, salohiyatli, fanimiz uchun kerakli yosh izlanuvchilardan biri.
🔺O‘qib, bir narsani o‘yladim: ilmga qiziqib kirgan, yillarini tadqiqotga bag‘ishlagan yosh olim qanday qilib ilmiy faoliyatni davom ettirmaslikka qasam ichadigan darajaga kelib qoldi?
Menimcha, buning asosiy sabablaridan biri — ilm-fan tizimidagi ortiqcha byurokratiya.
Dissertatsiya yozishning o‘zi murakkab jarayon. Ilmiy muammo topish, tadqiqot o‘tkazish, natijalarni asoslash, maqolalar chop ettirish — bularning barchasi katta mehnat talab qiladi. Bunga hech kim e’tiroz bildirmaydi.
Lekin tadqiqotchi ilmiy izlanishdan ko‘ra ko‘proq hujjat tayyorlash, ma’lumotnoma yig‘ish, turli bosqichlardan o‘tish, takroriy rasmiyatchiliklar va ayrim hollarda subyektiv munosabatlar bilan kurashishga majbur bo‘lsa-chi?
Eng yomoni, yosh olim ilmiy muammoni yechishdan emas, ilmiy tizimning o‘zidan charchab qolsa-chi?
Albatta, ilmiy daraja olishda talabchanlik, xolis ekspertiza va qat’iy ilmiy mezonlar bo‘lishi shart. Lekin talabchanlik bilan byurokratiyani bir-biriga aralashtirmasligimiz kerak.
Biz ko‘pincha yoshlarni ilm-fanga jalb qilish, ilmiy salohiyatni oshirish, PhD va DSc darajasiga ega tadqiqotchilar sonini ko‘paytirish haqida gapiramiz.
Ammo bir savolni kamroq beramiz: ilm-fanga kirib kelgan iqtidorli yoshlarni tizimda saqlab qola olyapmizmi?
Axir bitta PhD himoyasidan keyin ilmni tark etishga qaror qilgan salohiyatli tadqiqotchi — shunchaki bitta yo‘qotilgan DSc emas. Balki kelajakdagi o‘nlab ilmiy maqolalar, yangi g‘oyalar, ilmiy maktab va shogirdlar imkoniyatining ham boy berilishidir.
Menimcha, ilm-fandagi islohotlarning muhim mezonlaridan biri ham shu bo‘lishi kerak: tadqiqotchi ilmiy darajani olganidan keyin ilmga bo‘lgan ishtiyoqini yo‘qotmasligi kerak.
Ilmiy tizim olimni saralashi kerak, lekin uni ilm-fandan bezdirib qo‘ymasligi kerak.
Sizningcha, yosh tadqiqotchilarni ko‘proq nima charchatyapti: ilmiy ishning murakkabligimi yoki uning atrofidagi byurokratik jarayonlarmi?
✅Yanada batafsil:
@ILM_NUR_2020 🔗