Bugun tush ko‘ribman. Katta maydonda jamoa bilan "Qo‘lto‘pi" o‘ynayotgan ekanmiz.
Nima bo‘libdi-yu, to‘p menga kelib, gol urib qo‘yibman. Butun stadion meni olqishlay boshlabdi. Tushimda bo‘lsayam hayron ekanman. To‘p qo‘limga kelganda hayajonlanmabman, shu sabab ham gol urolibman.
Maktabda basketbol va qo‘lto‘pini ko‘p o‘ynardik. Hecham yaxshi o‘ynolmasdim. Eng yomon va passiv o‘yinchi edim. Bundan ko‘p uyalardim.
Hozir nega yomon o‘yinchi bo‘lganimni tahlil qilib ko‘rdim. Top menga kelsa, hayajonlanib, dovdirab qolardim. Natijada, og‘zimdagi oshni osongina ilib ketishardi. Gangiragancha qolaverardim. Shu sababdan ham menga to‘p juda kam tegardi.
Endi anglasam, men toʼpni menga tutqazilgan ishonch deya qabul qilardim ekan. Aynan o‘zimga ishonchim juda past bo‘lgani sababli ham menga tutqazilgan ishonch dovdiratib qo‘ygan.
Zo‘r o‘ynaydiganlarning ishonchi ham zo‘r bo‘lgan. Ular to‘pni to‘p deya qabul qilgan, chunki o‘zlariga tutqazilgan ishonchga katta qiymat bermagan, shundoq ham ularda o‘zlariga ishonchi "beton" bo‘lgan.
Tushunganim shuki, o‘zimizga nisbatan ishonchning kemtikligi, bahomizning pastligi, keragidan ortiq his qilingan masʼuliyat bizning tanamizni chirmab, oyog‘imizni qoqintiruvchi chirmovuq ekan. Bizni passivlashtirib, erkin harakatlanishimizni bo‘g‘arkan.
Bu ishonchsizlik asosan o‘zimizga bog‘liq bo‘lmagan, bolaligimizga borib taqaluvchi sabablarga borib bog‘lanadi. Ammo uni yillar o‘tgan sari tarbiyalab, to‘ldirsak bo‘ladi deya hisoblayman.
@qodirova_g